Bugun, 26-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish to‘g‘risidagi qonuni hamda “22-aprel – Xalqaro Yer kuni” munosabati bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlari: xorijiy tajriba va O‘zbekiston amaliyoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turkiya, Fransiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Tojikiston va xalqaro tashkilotlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda xorijda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonlik olimalar ishtirok etishdi.
Dastlab O‘zbekiston Milliy universiteti fan va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Yoqub Ergashov tadbirni ochib bergan bo‘lsa, tabrik so’zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov yurtimizda va mintaqada hozirgi kunda mavjud ekologik muammolarga to’xtalib o’tdi:
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi oldida turgan dolzarb ekologik muammolarni hal qilish nihoyatda zarur. Ekotizim muvozanati xavf ostida va kelajak avlodlar uchun atrof-muhitimizni himoya qilish uchun favqulodda choralar ko'rish kerak. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda ko‘plab ekologik muammolarga duch kelmoqdamiz. Eng dolzarb muammolardan biri iqlim o'zgarishi, qishloq xo'jaligining beqaror amaliyotlari va suvni noto'g'ri boshqarish bilan bog'liq bo'lgan suv tanqisligidir. Bir paytlar dunyodagi eng yirik ichki suv havzalaridan biri hisoblangan Orol dengizining qurishi suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish va ulardan ortiqcha foydalanish oqibatlarini yaqqol eslatib turadi.
Boriy Alixanov
Konferensiya davomida xorijlik olimlar va universitetning bir guruh fidoyi o‘qituvchilari tomonidan tabrik qatnashchilarga o‘qib eshittirildi. Garchand turli millat va jins vakillari bo‘lsak ham o‘zaro umumiy qadriyatlarni hurmat qilishimiz, ilmiy tadqiqot ishlarini birga amalga oshirib insoniyat rivojiga hissa qo‘shishimiz kerakligi ta’kidlandi.
“Xalqaro Yer kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda Barqaror Rivojlanish maqsadalarini amalga oshirishdagi o‘zbek va chet el olimlarining tajribasi tahlil etildi, shuningdek yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarni kompleks tadbiq etish, oziq-ovqat xavfsizligi, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning davom etishiga barham berish bo‘yicha hamkorlik yuzasidan takliflar ishlab chiqishni nazarda tutildi.
Tadbir davomida mahalliy va xorijlik olimlarning chiqishlari tinglandi va yosh olimlarning “Eng yaxshi ilmiy ishi” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, uchrashuvda joriy o‘quv yilida O‘zbekiston Milliy universitetiga dars berish uchun tashrif buyurgan xorijlik professor-o‘qituvchilar ham ishtirok etib, o‘z hamkasblariga universitet to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.