“Mohir qo‘llar go‘zallik yaratadi” mavzusida qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi

Joriy yilning 4-mart sanasida O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo fakultetida “Mohir qo‘llar go‘zallik yaratadi” mavzusida qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbirda fakultetda faoliyat olib borayotgan “Mohir qo‘llar” to‘garagi a’zolarining qo‘l mehnati usulida tayyorlagan turli asarlari keng jamoatchilikka taqdim etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan yaratilgan asarlar nafaqat san’at asarlari, balki hunarmandchilik va ijodkorlikning eng go‘zal namunalari sifatida namoyish etildi.

Ko‘rgazma davomida to‘garak a’zolari tomonidan yaratilgan asarlarning betakror go‘zalligi va ularning ijodkorligi, shuningdek, qo‘l mehnatining yuksak san’at darajasiga ko‘tarilishi tomoshabinlar, ayniqsa yoshlar va tashrif buyurgan mehmonlarni hayratda qoldirdi. Har bir ishda ijodkorning mahorati va sabr-toqatining aks etgani ko‘rildi, bu esa ko‘rgazma ishtirokchilari orasida katta qiziqish va hayajon uyg‘otdi.

Oddiy va kundalik hayotda ishlatiladigan buyumlardan estetik jihatdan mukammal asarlar yasashni uddalagan qo‘li gul xotin-qizlar ishtirok etgan tadbir, faqat talabalar va ularning qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatini yaratibgina qolmay, balki xotin-qizlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularni mustaqil tadbirkorlikka qaratish uchun muhim platforma bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan yaratilgan asarlar haqida qisqacha ma’lumotlar berilib, har bir buyumning o‘ziga xos hususiyatlari, yasash texnikasi va uslubi haqida so‘z yuritildi. Bu esa nafaqat ishtirokchilar, balki tashrif buyurganlar uchun ham yangi bilim va tajribalar orttirish imkoniyatini yaratdi. Ko‘rgazma yakunida eng yaxshi ishtirokchilar taqdirlandi va mehnat faoliyatlariga zafarlar va yutuqlar tilandi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top