“Xotin-qizlar va erkaklarning butun umri davomida o‘qish imkoniyatlarini rag‘batlantirish: yutuqlar va muammolar” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy amaliy konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Tadbir “Xotin-qizlar va erkaklarning butun umri davomida o‘qish imkoniyatlarini rag‘batlantirish: yutuqlar va muammolar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbir avvalida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oliy ma’lumotli va olima ayollar safini kengaytirish, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bu yo‘nalishda erishilgan yutuqlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilinib, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan tizimli yondashuvlar ta’kidlandi.

Bundan tashqari, konferensiyada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Karima Norqulova davlatimiz tomonidan magistraturaga qabul qilingan barcha xotin-qizlar grant asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega ekanligini hamda doktorantura ta’limi uchun xotin-qizlarga 300 ta alohida kvota ajratilganligini ta’kidladi. Ushbu chora-tadbirlar xotin-qizlarning ilmiy sohada faoliyatini kengaytirish va o‘z salohiyatlarini namoyish qilishlariga xizmat qilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, konferensiyada fan va uzluksiz ta’lim rivojida ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligi, shuningdek, ayollarning hayoti davomida kasbiy malakalarini rivojlantirish omillari atroflicha muhokama qilindi.

Scroll to Top