Alisher Navoiyni tavaludining 583 yilligi munosabati bilan Davlat adabiyot muzeyiga tashrif tashkillashtirildi

Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti «Siyosatshunoslik» kafedrasi tomonidan joziy yilning 7-fevral sanasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif uyushtirildi. Ushbu tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari E. Nishanbayeva, O. Astanov, tyutor G. Otabayeva, shuningdek, Siyosatshunoslik yo‘nalishi 1-kurs talabalari faol ishtirok etishdi.

Tashrif davomida talabalar va professor-o‘qituvchilar muzey xodimlari tomonidan taqdim etilgan qimmatli ma’lumotlar asosida muzeyning tarixi, o‘rta asrlardagi madaniy va siyosiy ahvol, shuningdek, so‘z sultoni Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy merosi haqida batafsil tushunchaga ega bo‘lishdi. Muzey eksponatlari, xususan, Alisher Navoiyning asarlari, qo‘lyozmalari, u bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy va madaniy buyumlar talaba va o‘qituvchilar tomonidan katta qiziqish bilan tomosha qilindi.

Bundan tashqari, talabalar ishtirokida maxsus tayyorlangan “Navoiyni anglash” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir muzey xodimlari va tashrif buyuruvchilarga taqdim etildi. Ushbu tadbir davomida buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning milliy madaniyatimizni rivojlantirishdagi o‘rni, uning ijodining bugungi yosh avlodning ma’naviy hayotiga ta’siri va qadr-qimmati haqida fikr yuritildi. Tadbirda talabalar tomonidan Navoiy she’riyatidan namunalar o‘qib eshittirilishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir ishtirokchilari o‘rtasida Navoiyning asarlarida ko‘tarilgan ijtimoiy va axloqiy mavzular bo‘yicha ochiq muloqot tashkil qilindi. Ushbu muloqot davomida talaba-yoshlar hamda ishtirokchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi. Mazkur tadbir tashrif buyuruvchilar tomonidan yuksak baholandi. Mushohada va muloqotlarga boy bo‘lgan bu tadbir muzeyga kelganlar uchun yangi bilim va taassurotlar ulashgan holda yakunlandi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top