Bugun Pekin shahrida O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi o‘z ishini boshladi. Mazkur yirik nufuzli tadbir 150 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlarini bir davraga jamlagan bo‘lib, ikki davlat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalarini har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Forumda O‘zMU rektori Inom Madjidov ham ishtirok etmoqda. Ayni vaqtda O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi tomonidan qator Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokaralar olib borilmoqda.
Kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini universitetga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik shartnomalarini imzolash ham ko‘zda tutilgan.
Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim Forumida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda bir qator Xitoy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Jumladan, Dalian axborot texnologiyalari universiteti (NEUSOFT) bilan akademik va ilmiy hamkorlik to‘g‘risida hamkorlik bitimi, Xitoy Xalq universiteti bilan talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma, Pekin pedagogika universiteti bilan professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini oshirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Forumning dastlabki kunida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan qator Xitoy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzokaralar olib borildi.
Jumladan, Jiyasing universiteti bilan kimyo, biologiya, mexanika, geologiya sohalari bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish, Xeylongjiang universiteti bilan kasb egalari uchun xitoy tili kurslarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maqsadli kelishuvga erishildi.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini universitetga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik uchrashuvlari davom etmoqda.