O'zMU - 105 yoshda
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi ochilgan universitetlaridan biri hisoblanadi. O‘zMU o‘z faoliyatini 1918-yil 12-may sanasidan Turkiston xalq universiteti nomi bilan boshlagan va hozirgacha Turkiston davlat universiteti, O‘rta Osiyo universiteti, Toshkent davlat universiteti va Mirzo ulug‘bek nomidagi Toshkent davlat universiteti nomlari bilan o‘z faoliyatini olib borgan.
2023-yil 12-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil topganligining 105 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Milliy universitetining ilm-fan rivoji va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Ushbu konferensiyada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilar va xorijiy mehmonlar ishtirok etishdi va tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Milliy universiteti haqida hujjatli film namoyish etildi shundan so‘ng Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov kirish so‘zida ta’lim dargohining O‘zbekiston ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, universitet jamoasi va mehmonlarni samimiy tabrikladi.
Shuningdek universitet doirasida ushbu shodiyona bayrami iliq shukuhda kutib olindi. O‘zMU Yoshlar bilan ishlash, maʻnaviyat va maʻrifat bo‘limi hamda universitet Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tomonidan
“Universitetim – faxrim” mavzuida yosh ijodkorlar o‘rtasida sheʻriy ijod namunalari hamda kreativ fotolar tanlovlari, professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha sport musobaqasi hamda O‘zMU sport zalida Dzyudo kurash bo‘yicha talabalar o‘rtasida Universitet ochiq chempionati o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “Audiovizual va internet jurnalistika” kafedrasi tashabbusi bilan Jurnalistika fakulteti talabalari hamda fakultet qoshida ochilgan havaskor jurnalistlar maktabi o‘quvchilari uchun “Media focus” loyihasiga start berildi. Loyiha davomida taniqli jurnalistlar, blogerlar, siyosatshunoslar, huquqshunoslar, tilshunoslar hamda tajribali psixologlar taklif qilinib turli hil mavzularda davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti tashabbusi bilan “Geologlar bilimlar bellashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur bilimlar bellashuvida uchta universitet O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat Texnika univetsiteti hamda Geologiya fanlari universiteti talabalari ishtirok etishdi.
“Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar”
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, 105 yillik yubiley doirasida universitet kafedralari tomonidan respublika va xalqaro miqyosida 10 ga yaqin ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkillashtirildi. Jumladan, Taekvondo va sport faoliyati fakulteti tomonidan “Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar” mavzuida III ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Konferensiya ochilish marosimida Taekvondo va sport faoliyati fakulteti dekani Raximov Vladimir nutq so‘zladi. Raximov Vladimir o‘z nutqida 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan 33-yozgi Olimpiya o‘yinlari nafaqat O‘zbekiston uchun, balki universitet uchun ham omadli bo‘lganligini va ushbu olimpiadada universitetning ikki tarbiyalanuvchisi Ulug‘bek Rashidov hamda Svetlana Osipovalar g‘olib va sovrindorlardan biri bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, jismoniy tarbiya va sportning jamiyatdagi ahamiyati to‘g‘risida, sohadagi mavjud muammolarni tahlil qilish va ularga yechimlarni ishlab chiqish uchun konkret takliflar kiritish keragliligi, sport sohasining kelajak istiqbollarini belgilash, yoshlarni sportga jalb qilish va ommalashtirish zarurligini hamda sport tashkilotlari, ta’lim muassasalari va davlat idoralari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
“Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda degradatsiyaga uchragan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar”
Biologiya fakulteti tomonidan tashkillashtirilgan “Yangi O‘zbekistonda immunofiziologiyaning muammolari va rivojlanishi bosqichlari” va “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda degradatsiyaga uchragan tuproqlarning integrallashgan boshqaruvi va melioratsiyasi: yangi yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzularida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiya ochilish marosimida fakultet dekani Abdraxmanov Toxtasin fakultetning ilmiy salohiyati va resurslari bilan konferensiya ishtirokchilarini tanishtirdi.
Shuningdek, dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi muammolarining dolzarbligi, ushbu muammolarni ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yondashuvlar orqali hal qilish zarurligini, yangi yechimlar va strategiyalar ishlab chiqish kerakligiga urg‘u berdi. Mutaxassislar, talabalar hamda tadqiqotchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va konferensiya natijalarini amaliyotga tatbiq etish kerakligini ta’kidladi.
“Migrantlarning huquqlari va ularning himoyasi, hamda migrantlar bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarni hal qilish usullarini ishlab chiqishga qaratilgan “O‘zbekiston va Koreyadagi migratsiya: hozirgi holat va muammolar”
Iqtisodiyot fakultetida Koreyadagi Konkuk universiteti bilan hamkorlikda “Migrantlarning huquqlari va ularning himoyasi, hamda migrantlar bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarni hal qilish usullarini ishlab chiqishga qaratilgan “O‘zbekiston va Koreyadagi migratsiya: hozirgi holat va muammolar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ochilish marosimida Iqtisodiyot fakulteti dekani Umarov Abduvaxob ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning kundan kunga rivojlanayotganligini hamda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi migratsiya masalalarining dolzarbligini ta’kidlab, migrantlarning huquqlari va ularni himoya qilish zarurligini, migrantlar bilan bog‘liq ijtimoiy muammolarni aniqlash va bu masalalarni hal etish uchun samarali strategiyalar ishlab chiqish kerakligini bildirdi.
Bundan tashqari, Konkuk universiteti bilan hamkorlikni kuchaytirish va bilim almashishning ahamiyatini ta’kidlab, ishtirokchilarni ochiq fikr almashishga va tajribalarni baham ko‘rishga chaqirdi. Konferensiyaning maqsadlari va ahamiyati haqida so‘zlab, kelgusidagi tadqiqotlar uchun yo‘nalishlar belgilanishi lozimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston Milliy Universitetining 105 yillik tarixi haqida hujjatli film
O‘zbekiston Milliy Universiteti o‘zining 105 yillik yubileyini nishonlar ekan, universitetning ajoyib tarixiga bag‘ishlangan maxsus hujjatli film yaratildi. Film tomoshabinlarni universitetning 1918-yilda tashkil topganidan hozirgi kungacha bo‘lgan ilhomlantiruvchi sayohatiga olib chiqadi.
Hujjatli filmda universitetning intellektual va akademik sohadagi yutuqlari, ilmiy tadqiqotlarga qo‘shgan hissasi hamda muhim tarixiy davrlardagi rivojlanish jarayonlari yoritib berilgan. Mashhur bitiruvchilar, professorlar va tarixchilarning suhbatlari orqali O‘zMUning milliy va xalqaro maydondagi doimiy ta’siri haqida ko‘plab ma’lumotlar taqdim etiladi.
Kichik boshlang‘ich davridan tortib, bugungi kunda zamonaviy tadqiqotlar va global hamkorliklarga ega bo‘lgan nufuzli akademik dargohga aylangan O‘zMUning o‘sishi va bardoshliligi aks ettirilgan. Shuningdek, universitet qanday qilib zamonga moslashib, doimo bilim va taraqqiyot manbai bo‘lib qolayotganini ham ko‘rsatib beradi.
Film O‘zMUning merosini va kelajakdagi rejalarini nishonlaydi, universitetning yangi avlod yetakchilari, olimlari va innovatorlarini tarbiyalashdagi uzluksiz sa’y-harakatlarini ta’kidlaydi.