Iqlim o‘zgarish va moslashish
Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi BMT Taraqqiyot Dasturi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O‘zgidromet), O‘zbekiston ekologik harakati hamkorligida “Yashil iqlim” jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi bilan iqlim o‘zgarishi va unga moslashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston davlat va nodavlat tashkilotlari, ilmiy hamjamiyati, xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentliklar hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida faoliyat yuritayotgan moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad – iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va moslashish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuvlar hamda imkoniyatlarni taqdim etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining Milliy moslashuv rejalarini tayyorlashda to‘plangan tajribalar haqida xabardorlikni oshirishdan iborat.
Taʼkidlanganidek, iqlim keskin o‘zgarib bormoqda va uning oqibatlari allaqachon sezilmoqda. Jumladan, ob-havo tobora beqaror bo‘lib bormoqda, havo harorati ko‘tarilmoqda, suv havzalarining gidrologik rejimi o‘zgarib bormoqda, qurg‘oqchilik avj olmoqda, sel toshqinlari, issiq va sovuq havo oqimlari, kuchli shamol va yog‘ingarchiliklar, chang bo‘ronlari sodir bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Milliy universiteti Biologiya fakulteti Tuproqshunoslik kafedrasi professori L.Gafurova, dotsent O.Ergashevalar O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi ijroiy qo‘mitasi raisi B.Alixanov xatlariga asosan 6-7 may kunlari Iqlim o‘zgarish va moslashish bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdilar.
BMT Taraqqiyot dasturi va Yashil iqlim jamg‘armasi bu borada O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. L.Gafurova “Изменение климата и проблемы сохранения и воспроизводства плодородия почв Узбекистана: реалии, тенденции и перспективы” bilan Yalpi majlisda maʼruza qildilar.
Bugungi kunda ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishining salbiy taʼsiridan aziyat chekmoqda. Ular iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun yetarli ijtimoiy, texnologik va moliyaviy resurslarga ega emas. Millionlab odamlar allaqachon suv va oziq-ovqat tanqisligi hamda aholi salomatligiga tahdid soluvchi iqlim xavfi ortib borishiga duch kelishmoqda.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o‘zgarishiga eng taʼsirchan va zaif davlatlar hisoblanadi. Ushbu hududlarda havo harorati sayyoramizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 1,7 baravar tezroq o‘sib bormoqda. Bu esa so‘nggi 50 yil davomida o‘z muzliklar maydonining deyarli 32 foizga qisqarishiga olib keldi. Daryolar oqimining pasayishiga mintaqaning oziq-ovqat va energiya xavfsizligiga xavf soladi.
“Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo davlatlaridan iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish va oqibatlarini yumshatish, iqlim o’zgarishiga moslashish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar va harakatlar rejalarini ishlab chiqishni talab qiladi. Resurslarni tejash va moslashish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar bo’lmagan taqdirda, mamlakatlar qishloq xo’jaligi sohasidagi ishlab chiqarishining beqarorligiga va mintaqa mamlakatlarining oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladigan bir qator muammolarga duch kelishi mumkin”.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b. janob Anas Qarman
Mintaqada allaqachon suv resurslari taqchilligi kuchaymoqda (Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv bilan taʼminlanganlik darajasi – 3500 m3 dan 1630 m3 gacha kamaydi), issiq havo oqimlari davomiyligining oshishi, yog‘ingarchilik rejimi va intensivligining o‘zgarishi natijasida unumdor yerlar sifatining yomonlashuvi, shuningdek, cho‘llanish jarayonlarining keskinlashuvi oldinlari bunday hodisalar sodir bo‘lmagan hududlarda chang va qum bo‘ronlarining qaytarilmas darajada ko‘payishiga olib keladi.
Taʼkidlanganidek, ushbu sharoitda O‘zbekistonda izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlar doirasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, atmosfera havosini muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish ustuvor vazifaga aylandi.
Barqaror rivojlanishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish hamda hududlarni yashillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shuningdek, moslashuv chora-tadbirlarini moliyalashtirish masalalari ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Mavzuli sessiyalarda moslashuv tadbirlariga xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari va moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha Milliy moslashish rejasini ishlab chiqish va aholining iqlim o‘zgarishiga moslashish chora-tadbirlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.
Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi (BMTTD), Yashil iqlim jamg’armasi (YaIJ) va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O’zgidromet)ning O’zbekistonda moslashish choralari va harakatlarini o’rta va uzoq muddatli rejalashtirishga qaratilgan «Iqlim o’zgarishiga eng zaif bo’lgan iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalarga mo’ljallangan milliy moslashuv rejasi (MMR)” qo’shma loyihasi doirasida tashkil etilgan.