Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniy va til qadriyatlari

 mavzusidagi yozgi maktab

2023-yil 12-20-iyul kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniy va til qadriyatlari” mavzusida xalqaro yozgi maktab bo‘lib o‘tdi. Ushbu yozgi maktabda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi marta Yevropa va Osiyoning yetakchi universitetlaridan – Buyuk Britaniyaning Warwick universiteti, Fransiyaning Puatiye va Tur universiteti, Belgiyaning Mons universiteti, Vengriyaning Obuda universiteti, Koreya universiteti, Baku Davlat universiteti, Qozon Federal universiteti va Tomsk Davlat universitetidan 16 nafar inglizzabon talaba ishtirok etdi.

Xalqaro yozgi maktab davomida xorijiy talabalar O‘zbek tili va madaniyati, ilmiy va turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Yozgi maktab dasturiga muvofiq ishtirokchilarga “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston hududi, aholisi va iqlimi”, “Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari”, “Yangi O‘zbekiston”, “O‘zbek milliy bayramlari”, “O‘zbek milliy liboslari”, “O‘zbek san’ati: haykaltaroshlik, kulolchilik, hunarmandchilik” kabi mavzularda ma’ruza mashg‘ulotlari olib borildi. Darslarni yanada mazmunliroq o‘tkazish maqsadida ishtirokchilarga interaktiv o‘yinlar orqali O‘zbekiston tarixi va uning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida qizg‘in munozaralar olib borish imkoniyatlari yaratildi.

Shuningdek, ularga milliy liboslarimizni qo‘l bilan ushlab, his etishlari uchun Ingliz filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi Jumabayeva Venera o‘ndan ortiq turdagi liboslarni olib kelib, amaliy dars tashkil etdi. O‘zbek tilini yaqindan tanishtirish maqsadida O‘zbek filologiyasi fakulteti Kompyuter lingvistikasi va amaliy tilshunoslik kafedrasi mudiri, f.f.d., prof. N.Abduraxmonova tomonidan “O‘zbek tilining amaliy imkoniyatlari” mavzusida dars olib borildi. O‘zbek tili shevalari, faol so‘zlar, milliy qadriyatlar va amaliy grammatika haqida berilgan qiziqarli va muhim ma’lumotlar tinglovchilarda katta taassurot uyg‘otdi.

Talabalarning darslardan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va O‘zbekiston tarixini chuqurroq tanishtirish maqsadida yozgi maktab davomida ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Amaliy sanʼati muzeyiga, Toshkent shahrida joylashgan Adiblar xiyoboniga va Hasti Imom majmuasiga tashriflari tashkillashtirildi. Ushbu tashriflar davomida talabalar qadimiy tarixga ega bo‘lgan noyob topilmalar, milliy liboslarimizni qanday to‘qish va yaratilish tarixi haqida, shuningdek, Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Qodiriy, Hamid Olimjon, Zulfiya kabi atoqli o‘zbek namoyandalari haqida bilimlarga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston turizm salohiyatini ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilar O‘zbekistonning go‘zal shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqand shahriga tashrif buyurdilar. Kunning birinchi qismida yozgi maktab ishtirokchilari Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli — Sherdor, Tillakori va Mirzo Ulug‘bek madrasalarini ziyorat qilishdi. Tarixiy obidalarni ko‘rib, O‘zbekistonning boy o‘tmishi borligiga yana bir bor amin bo‘lishdi.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Mirzo Ulug’bek rasadxonasi va Shoxi Zinda ziyoratgohiga tashrif buyurib, ajdodlarimiz barpo etgan betakror inshootlar bilan yaqindan tanishdilar va bir dunyo yaxshi taassurotlar bilan qaytishdi. Shuningdek, ular Toshkent viloyatida joylashgan Oqtosh tog‘lariga ham tashrif buyurdilar. Talabalar sayohatni Chinorkent majmuasiga tashrifdan boshlashdi. Ular dor yo‘lida tog‘ cho‘qqisiga chiqib, Toshkent viloyatining go‘zal manzarasidan bahramand bo‘lishdi.

“Buyuk ipak yo‘lidagi madaniy va til qadriyatlari” shiori ostida xalqaro yozgi maktabining yopilish marosimida barcha ishtirokchilar hamda xalqaro yozgi maktabning yuqori saviyada o‘tkazishga katta yordam bergan o‘qituvchilar jamoasi sertifikat bilan taqdirlanishdi.

Yozgi maktab ishtirokchilarining fikrlari​

Scroll to Top