Taylandning Bangkok shahrida, Times Higher Education xalqaro reyting agentligining Global Barqarorlik Kongressi o’z ishini boshladi. Global kongress 10-13 iyun kunlari bo’lib o’tmoqda.
Kongress barqarorlikdagi global muammolarning yechimlarini muhokama qilish uchun xalqaro miqyosidagi katta tajriba ega olimlar va innovatorlarni birlashtiradi. Ushbu kongressda 3 mingdan ortiq dunyoning turli xil nuqtalaridan kelgan ishtirokchilar va 350 ekspert o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Mazkur global kongressda O’zbekistonning ekspozitsiyasi tashkil etilgan bo’lib, Respublikaning turli oliy ta’lim muassasalari ishtirok etmoqda. Xususan, O’zbekiston Milliy universiteti Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo’yicha prorektori Ravshan Musurmanov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Yoqub Ergashov va Strategik rivojlantirish va xalqaro reyting bo’limi uslubchisi Alijon Oripov akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetga xorijiy talabalarni jalb qilish hamda dunyoning yetakchi universitetlarining barqarorlik bo’yicha tajribalarini o’rganish maqsadida ushbu kongressda ishtirok etishmoqda.
Kun tartibida oltita global muammolar tanlab olingan bo’lib, ularning har biri BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDGs) erishish uchun muhim yangiliklar, shuningdek, barqarorlikka erishishga to’sqinlik qilayotgan masalalarning amaliy yondashuvlariga qaratilgan bir qator anjumanlar tashkil etilgan.
Anjuman davomida, dunyoning qator ilg’or universitetlarining barqarorlik bo’yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilgan yutuqlari o’rganildi. Master-classlarda ishtirok etib, THE Impact reytingida ma’lumotlar bilan ishlash, ularni taqdim etish bo’yicha ilg’or universitetlarning tajribalari o’rganildi.
Saudiya Arabistonining Qassim universiteti (QS WUR #781-790) va Janubiy Koreyaning Kyung Hee universiteti (QS WUR #328) bilan hamkorlik masalalari bo’yicha muzokaralar olib borildi va hamkorlik shartmomasini imzolashga kelishib olindi. Mazkur ikki universitet bilan talabalar almashinuvi doirasida 25-30 iyun kunlari o’tkazilishi rejalashtirilgan “Xalqaro butun jahon Yoshlar forumi”ga xorijiy talabalar taklif etildi.
Universitet akademik va ish beruvchi obro’sini yanada oshirish maqsadida Yaqin Sharq va Avstraliyaning yetakchi universitetlari bilan kontaktlar almashilindi.