Bugun, 5-dekabr kuni O’zbekiston Milliy universitetda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofazasi qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o’zgarishlarini o‘rganish universiteti – Green universiteti hamda Jahon banki bilan hamkorlikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi qishloq maktablarida atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ta’limni rivojlantirishga qaratilgan manfaatdor tomonlar o‘rtasida Markaziy Osiyoda iqlim o’zgarishi bo’yicha ta’lim va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish: iqlimga moslashish yo’llari mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Ushbu tadbir Jahon bankining Markaziy Osiyoda landshaftlar barqarorligini ta’minlash dasturi (RESILAND CA+) tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Mazkur dasturning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda cho’llashish va yer degradatsiyasini oldini olish hamda iqlim o’zgarishiga moslashuvchanlikni oshirishdan iborat.
Tadbir O‘zbekiston Milliy universiteti, Nazarboyev universiteti, Markaziy Osiyo universiteti va mintaqaning boshqa yetakchi ilmiy tadqiqot muassasalari ishtirokida tashkil etildi.
Ushbu konferensiyani o’tkazishdan maqsadi:
– RESILAND CA+ qishloq maktablarida o‘rganganlarimiz, jumladan, o‘quvchilarning g‘oyalari va qishloq maktablarida iqlim bo‘yicha dastlabki yechimlar bilan o‘rtoqlashish;
– Siyosatchilar, oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, universitet xodimlari, innovatsion taʼlim, yoshlar tadbirkorligi, tabiiy resurslarni boshqarish va iqlim moslashuviga ishtiyoqli yoshlar oʻrtasida fikr va tajriba almashish va hamkorlikda ishlashni ragʻbatlantirish;
– Markaziy Osiyoda qishloq maktablarida iqlim, atrof-muhit va tadbirkorlikka yo‘naltirilgan ta’lim va harakatlarning ta’sirini kengaytirish va davom ettirish yo‘llarini o’rganish.
Tushlikdan so’ng, Iqlim o’zgarishiga oid fikr-mulohazalar almashish maqsadida turli universitetlar talabalari o’rtasida munozara tashkil etildi. Unda quyidagi ishtirokchilar qatnashishdi:
– O’zbekiston Milliy universitetidan vakil sifatida Murodjon Abdurakhmonov;
– Nazarbayev universiteti (Qozog’iston) vakil – Nikita Durnov;
– Markaziy Osiyo universitetidan (Tojikiston) vakil – Mohruh Talabhuja;
– Markaziy Osiyo universitetidan (Qirg’iziston) vakil – Aydinay Temirbekova.