“Ruhiyat va ranglar: talaba-yoshlar uchun psixologik trening”

Ruhiyat va ranglar uyg‘unligi: talaba-yoshlar uchun psixologik trening

O’zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida «Dolzarb – 90 kunlik» loyihasi doirasida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash hamda shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida turli ma’rifiy va psixologik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri sifatida filial xotin-qizlar psixologi A.Sa’dullayeva tomonidan “Ruhiyat va ranglar” nomli trening mashg‘uloti ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi.

Mazkur trening talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Trening davomida ranglarning inson ruhiyatiga ta’siri, ularning kayfiyat, fikrlash va hissiy holat bilan bog‘liqligi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Psixolog ranglarning inson psixologiyasidagi o‘rni, kundalik hayotda ranglardan to‘g‘ri foydalanish orqali ruhiy muvozanatni saqlash mumkinligi haqida tushuntirishlar berdi.

Treningning asosiy maqsadi talabalarning ruhiy holatini mustahkamlash, ularning kundalik faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan psixologik to‘siqlarni yengib o‘tishiga yordam berish, ichki motivatsiyani kuchaytirish, iroda va o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, talabalar o‘z his-tuyg‘ularini anglash, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va o‘z salohiyatini namoyon eta olish bo‘yicha amaliy mashqlarni ham bajarishdi.

Mashg‘ulot davomida turli interaktiv usullar, savol-javoblar, guruhli muhokamalar va psixologik mashqlar orqali talabalar faol ishtirok etishdi. Ranglar orqali kayfiyatni aniqlash, shaxsiy xususiyatlarni tahlil qilish kabi qiziqarli topshiriqlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir yakunida talabalar treningdan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, bunday psixologik mashg‘ulotlar ularning ruhiy holatini yaxshilashga, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda ijobiy fikrlashni rivojlantirishga katta yordam berishini ta’kidlashdi.

Shu kabi ma’rifiy va psixologik tadbirlar talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularning ma’naviy-ruhiy rivojiga xizmat qilish hamda kelajakda yetuk, mustaqil fikrlaydigan shaxs sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Scroll to Top