“O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan harbiy kafedra talabalari uchun psixologik seminar o‘tkazildi”

O‘zbekiston Milliy universitetida psixologik seminar va treninglar o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan harbiy qismda “Psixologik ishlar kuni” doirasida ma’rifiy seminar va psixologik trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mazkur tadbir harbiy xizmatchilarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, xizmat jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan psixologik qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashish hamda jamoada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir doirasida “Emotsional bosim aslida nima?” mavzusida seminar tashkil etilib, unda emotsional bosim tushunchasi, uning inson ruhiyati va salomatligiga ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan emotsional bosimning inson faoliyatiga, ayniqsa, mas’uliyatli xizmat jarayonidagi samaradorlikka ta’siri haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, stressli vaziyatlarda o‘zini tutish, hissiyotlarni boshqarish va ruhiy muvozanatni saqlash usullari ham muhokama qilindi.

Seminar davomida harbiy xizmatchilar uchun turli psixologik treninglar ham o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar ularning muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish, diqqatni jamlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda jamoada jipslikni kuchaytirishga qaratildi. Interaktiv usullar, savol-javoblar va guruhiy mashqlar orqali ishtirokchilar faol qatnashib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Trening jarayonida ishtirokchilarga stressni yengish, ijobiy fikrlashni rivojlantirish, ruhiy muvozanatni saqlash va xizmat faoliyatida samaradorlikni oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bunday mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham bardoshli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ushbu seminar va treninglar harbiy jamoada sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash hamda xizmatga bo‘lgan ijobiy munosabatni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Shu kabi ma’rifiy tadbirlar harbiy xizmatchilarning ruhiy salomatligini mustahkamlash va ularning xizmat faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Scroll to Top