“Ruhiyat va ranglar” — talaba-yoshlar uchun psixologik trening

“Ruhiyat va ranglar” — yoshlar ruhiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi

O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida “Dolzarb – 90 kunlik” loyihasi doirasida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ruhiy salomatligini mustahkamlash hamda ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida turli ma’rifiy va psixologik tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri sifatida filial psixologi K. Irgasheva hamda Xotin-qizlar psixologi A. Sa’dullayeva tomonidan “Ruhiyat va ranglar” nomli trening mashg‘uloti ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Mazkur trening talaba-yoshlarning ruhiy holatini mustahkamlash, ularning kundalik hayotida hamda amaliy faoliyatida uchrashi mumkin bo‘lgan psixologik to‘siqlarni yengib o‘tishiga ko‘maklashish, shuningdek, ichki motivatsiya, iroda kuchi va o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishga qaratildi. Trening davomida ranglarning inson ruhiyatiga ta’siri, turli ranglarning kayfiyat va psixologik holatga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Mashg‘ulot jarayonida talabalarga ranglar orqali insonning ichki kechinmalarini anglash, stress va ruhiy zo‘riqishlarni kamaytirish usullari haqida tushuntirishlar berildi. Interaktiv usulda tashkil etilgan treningda ishtirokchilar turli psixologik mashqlar va jamoaviy faoliyatlarda faol qatnashib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Bu esa talabalarning bir-biri bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qildi.

Shuningdek, trening davomida yoshlarning o‘z maqsadlari sari intilishi, qiyinchiliklarga bardosh berishi hamda ijobiy fikrlashni shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi. Psixologlar tomonidan talabalarga kundalik hayotda ruhiy muvozanatni saqlash, stressli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va o‘z imkoniyatlariga ishonch bilan qarash bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday treninglar yoshlarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, ularda ijobiy fikrlashni rivojlantirish hamda hayotga bo‘lgan ishonchni oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, “Dolzarb – 90 kunlik” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning shaxsiy rivojlanishiga hissa qo‘shish hamda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Scroll to Top