“Jurnalistlar tayyorlashda yangi bosqich: o‘quv va ishlab chiqarish hamkorligi”
Tashrif davomida universitet vakillari tahririyatda yaratilgan o‘quv-amaliy sharoitlar, talabalarning ishlab chiqarish jarayonidagi ishtiroki hamda ularning kasbiy tayyorgarlik darajasini o‘rganishdi. Amaliyot davomida talabalar jurnalistik materiallar tayyorlash, tahrir jarayonida ishtirok etish, sahifa dizaynini shakllantirish va nashr jarayonining bosqichlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Uchrashuv davomida ish beruvchi tashkilot va kadr tayyorlovchi oliy ta’lim muassasasi rahbariyati o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, amaliyot jarayonidagi yutuqlar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, kelgusida talabalar uchun malaka oshirish, stajirovka va doimiy amaliyot tizimini takomillashtirish, ularni tahririyat ishiga yanada faol jalb etish borasida istiqbolli rejalar belgilandi.
Tahririyat rahbariyati O‘zbekiston Milliy universiteti bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirar ekan, yosh jurnalistlarga amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish, ularni zamonaviy OAV muhiti bilan tanishtirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Mazkur tashrif natijalari, shubhasiz, universitetda o‘qitilayotgan nazariy bilimlarning ishlab chiqarish jarayoni bilan yanada uzviy bog‘lanishiga, talabalarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.