Universitetda Jamoa shartnomasi ijrosi muhokamasi

Konferensiyada fakultetlar va bo‘limlarda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda ishchi-xodimlar tarkibidan saylangan delegatlar, shuningdek, ish beruvchi va kasaba uyushmasi vakillari ishtirok etdilar. Tadbir ishida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Mahmud Boboyorov, shuningdek, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi Kengashi bosh mutaxassisi Marat Ibragimov ham bevosita qatnashdi.

Yig‘ilish davomida Jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishi yuzasidan tegishli hisobotlar va tekshiruv dalolatnomasi tinglanib, bir ovozdan tasdiqlandi. Hisobotlarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoya, sog‘lomlashtirish, madaniy hordiq va moddiy rag‘batlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar keng yoritildi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar tomonidan taklif va mulohazalar bildirilib, savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Ishtirokchilar kasaba uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

Konferensiya yakunida Jamoa shartnomasining 2023-yilda bajarilishi qoniqarli deb topildi. Shu bilan birga, kelgusi davrda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan, mehnat muhitini yanada yaxshilash, ijtimoiy kafolatlarni kengaytirish va xodimlar faoliyatini moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish yo‘nalishida yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Milliy universitetida kasaba uyushmasi va ma’muriyat o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, mehnat jamoasi manfaatlarini samarali himoya qilish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Scroll to Top