Bugun, Toshkent politexnika muzeyida O‘zbekiston Milliy universitetining asosiy tashkilotchiligi ostida “NAUKA 0+” II xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, mazkur xalqaro festival Nauka 0+, Rossiya ta’lim va fan vazirligi, Moskva davlat universiteti, Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Festival doirasida yetakchi olimlarning ilmiy-ommabop ma’ruzalari, fan yutuqlarining interfaol ko‘rgazmalari, virtual laboratoriyalar, qiziqarli ilmiy chiqishlar, insoniyat kelajagi haqidagi munozaralar, ilmiy filmlar, robotlar tanlovi, viktorinalar, kvestlar va boshqa ko‘plab tadbirlar tashkil qilingan.
O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy-tadqiqot va iqtidorli talabalar faoliyatini tashkil qilish bo’limlari hamda kafedralar tomonidan ko’rgazma burchagi tashkil etilib, tadbir qatnashchilarining yuqori darajadagi e’tiboriga sababchi bo’ldi.
Toshkent politexnika muzeyida “Nauka 0+” II xalqaro festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda muzey direktori Avazbek To‘lakov, O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yoqub Ergashov, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent filiali direktor o‘rinbosari Abduhakim Mamanazarov, “San’at, fan va sport” xayriya fondi direktor o‘rinbosari Nikolay Trotskiy nutq so‘zladi.
“Nauka 0+” II xalqaro festivali jamiyatda ilm-fanni rivojlantirish va ommalashtirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ilm-fanga jalb qilish, shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida ijodkorlik va innovatsion salohiyatni targ‘ib qilishda yirik va samarali platforma vazifasini o‘taydi, — deydi O‘zMU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Yoqub Ergashov.