O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining 2023-yil 16-maydagi “Talabalarning malakaviy amaliyotini tashkil etish hususida”gi 03-1236-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari o’quv-dala amaliyotiga yuborildi.
Xususan, Geografiya va geoaxborot tizimlari, Gidrometeorologiya, Geologiya va muhandislik geologiyasi, Biologiya va Ekologiya fakultetlarining 2-kurs talabalari o‘quv rejada belgilangan malakaviy amaliyotni o‘tash uchun Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Chorvoq» hamda Parkent tumanlarida joylashgan «Oqsoq ota» o‘quv dala amaliyoti bazalariga jo‘nab ketdi.
Shuningdek O‘zbekiston Milliy universitetining Geografiya va geoaxborot tizimlari fakultetining «Geografiya» ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalari esa malakaviy amaliyotni o‘tash uchun Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga yo’l oldi.
Malakaviy amaliyot talabalarning auditoriyada umumkasbiy hamda ixtisoslik fanlaridan olgan nazariy bilimlarni mustahkamlash va talabalarda amaliyot ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan, deydi amaliyot ishlari mas’uli Bahrom Jabborov.
Amaliyot davomida yuqorida keltirilgan fakultetlarning iqtidorli talabalari alohida bir guruh qilib saralab olinib, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq Parkent tumanlari va Jizzax viloyatining Arnasoy tumanlarida joylashgan mahalliy maktablar va aholi vakillariga iqlim o‘zgarishi, uning sabablari va oldini olish yo‘llari to‘g‘risida treninglar tashkil etishdi. Ushbu treningdan asosiy ko‘zlangan maqsad yoshlar o‘rtasida eko savodxonlik hamda jonajon yurtimizni asrash bo‘yicha turli targ‘ibot ishlarini tashkil etishdir.