Sog‘lom turmush tarzi — yoshlar kelajagining poydevori
Sog‘lom turmush tarzi – to‘g‘ri yashash ramzi
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, turli kasalliklarning oldini olish hamda jismoniy va ruhiy salomatlikka e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularda sog‘lom hayot tarziga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda zararli odatlardan yiroq bo‘lishga undashga qaratildi.
“Sog‘lom turmush tarzi – to‘g‘ri yashash ramzi” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatini filial sport klubining o‘rinbosari Sh. Nazarov olib bordi. Tadbir davomida sog‘lom hayot tarzining inson hayotidagi muhim o‘rni, jismoniy faollikning salomatlik uchun ahamiyati hamda to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish masalalari yuzasidan keng qamrovli tushuntirishlar berildi.
Davra suhbati jarayonida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, kun tartibiga amal qilish, muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish hamda ruhiy barqarorlikni saqlash sog‘lom hayotning muhim omillari ekani ta’kidlandi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarziga amal qilish inson organizmini mustahkamlashi, turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qilishi hamda hayot sifatini yaxshilashda muhim rol o‘ynashi haqida alohida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassisdan foydali tavsiyalar oldilar. Ayniqsa, talabalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, jismoniy faollikni kundalik hayot tarziga aylantirishi hamda ruhiy salomatlikni asrash masalalari yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarziga amal qilish har bir insonning muhim hayotiy qadriyati ekanini, sog‘lom jamiyatni shakllantirish esa har bir fuqaroning mas’uliyatli yondashuviga bog‘liqligini ta’kidladilar. Bunday ma’rifiy tadbirlar yoshlar orasida sog‘lom hayot tarzini keng targ‘ib qilish, ularni jismonan baquvvat va ma’naviy barkamol insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.