O‘zMUda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan xalqaro yozgi maktab

Yashil energiya — global ehtiyoj

O‘zbekiston Milliy universitetida 21–28 iyun kunlari “GEM Silkway: Yashil energiya menejmenti 2025” xalqaro yozgi maktabi o‘z ishini boshladi. Ushbu loyiha O‘zMU tashabbusi bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy innovatsiya universiteti, shuningdek Italiyaning Milano Bikokka, Sa Foskari va Milano universitetlari hamkorligida tashkil etildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov so‘zga chiqib, yosh avlodni barqaror rivojlanish, ekologik muammolar va energiya samaradorligini oshirish masalalariga jalb qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Uning ta’kidlashicha, tanlangan yo‘nalish — yashil energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ekologik kampuslarni rivojlantirish — nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham ustuvor ahamiyatga ega.

Yozgi maktabga Italiya, Ispaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va O‘zbekistondan 50 ga yaqin talabalar va professor-o‘qituvchilar tashrif buyurdi.

Energiyani tejash bo‘yicha ilmiy yondashuvlar muhokamasi

Dasturning asosiy maqsadi — talabalarni iqlim o‘zgarishi, energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va yashil infratuzilma haqidagi zamonaviy ilmiy qarashlar bilan tanishtirish. Shu maqsadda O‘zMU fizika fakultetida mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.

Italiyalik professor Silvio Bozetti “Barqaror energiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish”,
TDТU professori Ulug‘bek Berdiyarov “Shamol energiyasi va muqobil manbalar”,
O‘zMU professori Pavel Parchinskiy esa “Qayta tiklanuvchi energiya bozorining 2050 yilgacha prognozi” mavzularida ma’ruzalar o‘qidi.

Mazkur chiqishlarda energiya samaradorligini oshirish — ekologik barqarorlikni ta’minlashning eng muhim omillaridan biri ekani ta’kidlandi. Xususan, binolarda issiqlik yalıtimi, quyosh panellari, energiya tejamkor yoritish, yashil kampus tizimlari va raqamli nazorat uskunalarini joriy etish bo‘yicha ilmiy takliflar ilgari surildi.

Xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi

24 iyun kuni O‘zMU xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova va Italiyaning Milano–Bikokka universiteti delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikkala tomon:

barqaror energiya bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar,

hamkorlikda magistratura va doktorantura dasturlarini ochish,

professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini kengaytirish

bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Shuningdek, “5+1” loyihasi doirasida o‘tkazilgan davra suhbatida Yevropa va Markaziy Osiyodan kelgan ekspertlar global ekologik chaqiriqlarga birgalikda yechim topish, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildilar.

GEM Silkway 2025 dasturi davomida talabalar va yosh tadqiqotchilar quyidagi yo‘nalishlarda o‘z takliflarini ishlab chiqadilar:

yashil kampus modelini tatbiq etish,

qayta tiklanuvchi energiya tizimlarini joriy etish,

energiya iste’molini raqamli boshqaruv orqali optimallashtirish,

ekologik liderlik ko‘nikmalarini kuchaytirish,

sun’iy intellekt asosida energiya samaradorligini oshirish mexanizmlari

O‘zMUda tashkil etilayotgan “GEM Silkway: Yashil energiya menejmenti 2025” xalqaro yozgi maktabi — nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki energiya samaradorligi bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqiladigan muhim platformadir.
Ushbu loyiha yoshlarni “yashil kelajak” yaratishga undab, hamkorlikda yangi ilmiy tashabbuslarga yo‘l ochmoqda.

Scroll to Top