O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI — ENERGIYA SAMARADOR YASHIL UNIVERSITET SARI
Universitet professor-o’qituvchilari universitet qoshidagi Texnika litseyiga tashrif buyurib, “Energiya sarfi tejamkorligi va ekologik savodxonlik” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Uchrashuv davomida rektor energiya samaradorligi, qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil universitet” konsepsiyasini amaliyotga joriy etish borasida universitetda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ma’ruza davomida Inom Madjidov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Milliy universiteti bugungi kunda energiyani tejash, ekologik tozalikni ta’minlash va barqaror rivojlanish g‘oyalarini ta’lim jarayoniga singdirish yo‘lida muhim natijalarga erishmoqda. Universitet binolarida zamonaviy quyosh panellari o‘rnatilmoqda, energiya tejamkor yoritish tizimlari joriy etilmoqda hamda issiqlik va sovitish tarmoqlari modernizatsiya qilinmoqda.
Shuningdek, universitet ilmiy markazlari va talabalar turar joylarida energiyani avtomatik boshqarish tizimlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa elektr energiyasidan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Bugungi global muammolardan biri — bu energiya tanqisligi va ekologik muvozanatning buzilishidir. Shu bois, universitet o‘z faoliyatini energiya samaradorlikni oshirish hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini keng joriy etishga qaratgan. Ayniqsa, quyosh, shamol va biogaz energiyasidan foydalanish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari faol olib borilmoqda.
Ma’ruza yakunida rektor yoshlarni ekologik savodxonlikni oshirishga, energiya resurslarini tejash madaniyatini shakllantirishga, ilm-fanni amaliyot bilan bog‘lashga da’vat etdi. U, shuningdek, Texnika litsey o‘quvchilarini “Yashil energiya — bizning kelajagimiz” shiori ostida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Bugungi kunda universitetda amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar nafaqat ta’lim muassasasi infratuzilmasini zamonaviylashtirish, balki butun jamiyatda energiyani tejash, ekologik muhofaza va barqaror rivojlanish madaniyatini shakllantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Universitet “yashil universitet” konsepsiyasi asosida ekologik toza, energiya tejamkor va innovatsion ta’lim muhitini yaratish sari dadil qadamlar tashlamoqda. Bu yondashuv O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” yo‘lidagi harakatiga amaliy hissa qo‘shmoqda.