O‘zbekiston Milliy universitetida energiya tejamkor infratuzilma sari navbatdagi qadam — Iqtisodiyot fakulteti Faollar zali yangilandi
Universitetda so‘nggi yillarda olib borilayotgan modernizatsiya va “Yashil universitet” konsepsiyasini amalda tatbiq etish jarayonida yana bir muhim loyiha amalga oshirildi. Iqtisodiyot fakultetining “Makroiqtisodiyot” kafedrasiga qarashli Faollar zali “UzbekInvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi ko‘magida to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi.
Ushbu ta’mirlash ishlari zalda o‘quv-uslubiy, ilmiy va madaniy tadbirlarni zamonaviy sharoitlarda o‘tkazish, talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar uchun qulay muhit yaratish maqsadida amalga oshirildi. Ta’mirlash jarayonida zalning devorlari, pol qismi va shifti yangilandi, energiya tejamkor yoritish tizimi, shamollatish va isitish uskunalari o‘rnatildi. Shuningdek, zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlash ishlari ham bajarildi.
Yangi tizimlarning aksariyati qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, bu universitetda energiyani tejash, uglerod izini kamaytirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shish yo‘lida muhim natija hisoblanadi.
Faollar zalining yangilanishiga “UzbekInvest” kompaniyasi tomonidan 240 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu hamkorlik davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi ijtimoiy mas’uliyatli tashabbuslarning yorqin namunasi bo‘ldi.
Endilikda yangilangan Faollar zali ko‘p funksiyali, energiya samarador, zamonaviy va qulay maskan sifatida nafaqat o‘quv mashg‘ulotlari, balki ilmiy-amaliy konferensiyalar, uchrashuvlar va madaniy tadbirlarni o‘tkazishda keng foydalanilmoqda.
Mazkur loyiha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Yashil kampus” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, universitet rahbariyati tomonidan energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqaror infratuzilma yaratish borasida izchil chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.