Talabalar turar joylarida energiya samaradorligini oshirish va obodonlashtirish ishlari

O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli 6-sonli Talabalar turar joyida 2023–2024-o‘quv yili oldidan keng ko‘lamli ta’mirlash va atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon universitet rahbariyati tomonidan yaratilgan “Yashil kampus” tashabbusi doirasida olib borilmoqda bo‘lib, uning asosiy maqsadi — talabalarga qulay, xavfsiz va energiya jihatidan tejamkor yashash sharoitlarini yaratishdan iborat.

Mazkur ta’mirlash ishlarida yuqori energiya samaradorligi tamoyillari asosiy yo‘nalish sifatida tanlandi. Binolarda issiqlikni ushlab turuvchi zamonaviy derazalar o‘rnatilmoqda, yoritish tizimi esa energiya tejovchi LED chiroqlarga almashtirilmoqda. Shu bilan birga, suv va elektr energiyasini oqilona ishlatish maqsadida avtomatik boshqaruv tizimlari joriy etilmoqda.

Binoning tom qismi issiqlik izolyatsiyasi bilan mustahkamlanib, qishda isitish xarajatlarini kamaytirish, yozda esa binoni tabiiy salqin tutish imkonini beradi. Ushbu chora-tadbirlar nafaqat energiya tejamkorligini oshiradi, balki atrof-muhitga chiqariladigan zararli chiqindilarni kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Ta’mirlash va obodonlashtirish jarayonlarida Tarix fakulteti tyutorlari hamda ko‘ngilli talabalar faol ishtirok etishmoqda. Ular nafaqat hududni obodonlashtirish, balki yashil hududlarni kengaytirish, daraxt va manzarali butalar ekish ishlarida ham jonbozlik ko‘rsatishmoqda.

Shu tarzda, O‘zbekiston Milliy universitetining 6-sonli Talabalar turar joyida amalga oshirilayotgan bu ishlar nafaqat talabalarning turmush sharoitini yaxshilash, balki barqaror rivojlanish va energiya samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Kelgusida universitet rahbariyati barcha turar joylarda shu kabi yashil” tamoyillar asosidagi modernizatsiya jarayonlarini bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirgan.

Scroll to Top