Moliya-kredit tizimini rivojlantirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiya

Tadbirni O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti dekani kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, moliya-kredit tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularning ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bilan uzviy bog‘liqligi haqida so‘z yuritdi.

Konferensiya davomida moliya siyosatining barqarorligini ta’minlash, bank tizimida raqamli texnologiyalarni joriy etish, investitsion muhitni yaxshilash, xalqaro moliya bozoridagi o‘zgarishlarga moslashuv, shuningdek, yosh iqtisodchi olimlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Xalqaro miqyosdagi ushbu anjumanda Shvetsiya, Polsha, Qozog‘iston, Rossiya va Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, mamlakatlar o‘rtasida moliyaviy hamkorlikni kengaytirish va innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan moliya-kredit tizimini strategik rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar iqtisodiy siyosatni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Mazkur konferensiya O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida nazariya bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish, iqtisodchi olimlar va amaliyotchilar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy platformaga aylandi.

Scroll to Top