Talabalar bandligini ta’minlash va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash yo‘lida muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va bandligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Milliy universitetida talabalar va bitiruvchilar uchun an’anaviy tarzda tashkil etiladigan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi — 2023/2024-o‘quv yili bitiruvchilarini ishga taqsimlash, ularni bozor talablariga mos ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda talabalarga amaliyot va bandlik imkoniyatlarini yaratishdan iboratdir.

Yarmarka doirasida respublika, viloyat, shahar va tuman miqyosidagi 100 dan ortiq tashkilot, muassasa hamda korxonalar faol ishtirok etdi. Ular orasida yirik davlat idoralari, tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, ishlab chiqarish korxonalari, axborot texnologiyalari, ta’lim va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari ham bor edi. Ishtirokchi tashkilotlar tomonidan 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, korxonalar o‘z mahsulotlari, xizmatlari va faoliyati haqida ko‘rgazmali materiallar ham taqdim etdilar.

Tadbirning ochilish marosimi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Rektor o‘z nutqida universitetda ta’lim sifati yildan-yilga oshib borayotgani, xalqaro miqyosda ham nufuz ortib borayotgani, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi esa ish beruvchilar tomonidan yuqori baholanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u O‘zMUda ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari muntazam yo‘lga qo‘yilgani, amaliyot dasturlari tizimli ravishda tashkil etilayotgani hamda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida samarali natijalarga erishilayotganini qayd etdi.

Yarmarka davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan soha vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ishga joylashish shartlari, malaka talablari va ish haqi to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ayrim korxonalar joyida suhbat asosida ishga qabul qilish jarayonlarini ham amalga oshirdi.

Mazkur mehnat yarmarkasi nafaqat bitiruvchi yoshlar uchun, balki o‘rta bosqich talabalari uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ular o‘z sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan bevosita suhbatlashib, kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash, amaliyot o‘tash joylarini tanlash imkoniga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan bu kabi yarmarkalar yoshlarga o‘z potensialini to‘liq namoyon etish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, eng muhimi, mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Scroll to Top