O‘zMUda ‘Karyera kuni’ va ish beruvchilar bilan uchrashuv”
“Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Talabalar bahori — 2024” an’anaviy festivali doirasida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi o‘z faoliyatini boshladi. Tadbirning asosiy maqsadi — bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga mos kadrlar sifatida tayyorlash hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot imkonini yaratishdir.
Mazkur mehnat yarmarkasida universitetning asosiy buyurtmachi tashkilotlari, davlat idoralari, tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, uyushmalar hamda xususiy sektor vakillaridan iborat 100 dan ortiq korxona va tashkilotlar ishtirok etmoqda.
Ular o‘z faoliyati, mavjud 10 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari hamda amaliyot dasturlari haqida talabalarga ko‘rgazmali materiallar va axborot bukletlari orqali batafsil ma’lumot bermoqdalar. Shuningdek, korxonalar vakillari bilan joyida intervyu va suhbatlar tashkil etilib, talabalarning kasbiy tayyorgarligi, mahorati va salohiyati o‘rganilmoqda.
Tadbir davomida talabalar o‘z yo‘nalishlariga mos ish o‘rinlarini tanlash, tashkilotlar vakillari bilan bevosita suhbatlashish hamda o‘z rezyumelarini topshirish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Ko‘plab korxonalar bitiruvchilarni joyida suhbatdan o‘tkazib, ularni amaliyot va doimiy ishga taklif qilish istagini bildirdi.
Bundan tashqari, “Karyera kuni” doirasida karyera bo‘yicha maslahatlar, rezyume yozish va intervyudan o‘tish bo‘yicha seminarlar, shuningdek, motivatsion ma’ruzalar ham tashkil etildi.
Mazkur yarmarka nafaqat talabalarga o‘z kasbiy yo‘lini belgilashda yordam beradi, balki ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada samarali yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi.
Tadbir “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar mamlakati” tamoyiliga uyg‘un ravishda, yoshlarning mehnat bozorida faol ishtirokini ta’minlash, ularni zamonaviy kasblar, innovatsion sohalar va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga qaratilgan.
Tadbirda ishtirok etgan talabalar ushbu yarmarka ularning hayotida muhim burilish yasaganini, kelgusida tanlagan kasbida o‘z o‘rnini topish uchun katta motivatsiya berganini ta’kidladilar. Ish beruvchilar esa O‘zMU talabalari malakasi, bilim darajasi va faolligini yuksak baholab, ular bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdilar.