O‘zMUda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasining ochilish marosimi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Talabalar bahori — 2024” an’anaviy festivali doirasida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — bitiruvchi talabalarga mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashish, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot imkonini yaratish hamda yoshlar bandligini ta’minlashga xizmat qiluvchi platformani shakllantirishdir.

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari, xorijlik mutaxassislar, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda ko‘plab talaba-yoshlar ishtirok etishdi.

Yarmarka doirasida 100 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlari, korxonalar hamda xalqaro kompaniyalar o‘z stendlarini joylashtirib, talabalarga bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari va malaka oshirish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etdilar.

Shuningdek, intervyu sessiyalari, karyera maslahatlari, ish beruvchilar bilan ochiq muloqotlar, rezyume tayyorlash bo‘yicha seminarlar tashkil etildi. Bu esa yoshlar uchun nafaqat ish topish, balki o‘z karyera yo‘nalishini to‘g‘ri belgilashda ham muhim amaliy yordam bo‘ldi.

 

O‘zMUda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasining ochilish marosimi

Tadbir davomida mutasaddi vazirliklar vakillari yoshlarning kasbiy tayyorgarligi, mehnat bozorining zamonaviy talablari va davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdilar. Ular ta’lim tizimi bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, malakali kadrlarni tayyorlash hamda ularni ish bilan ta’minlashda universitetlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladilar.

 

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib, talaba-yoshlarning kelajak kasbiy faoliyatini shakllantirishda, ularni raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Tadbir yakunida yarmarka ishtirokchilariga tashakkurnomalar topshirildi, faol talabalarga esa sertifikatlar va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

 

Scroll to Top