Svetlana Osipova – Parij-2024 Olimpiadasida taekvondo bo‘yicha medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek ayol sportchi
O‘zbekiston sporti tarixiga yana bir faxrli sahifa qo‘shildi. O‘zbekiston Milliy universiteti Taekvondo va sport faoliyati fakultetining iqtidorli talabasi, taekvondo WT bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Svetlana Osipova Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritib, bu sport turida Olimpiya medali sohibiga aylangan ilk o‘zbek ayol taekvondochi bo‘ldi.
Svetlana Osipova Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida 67 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etdi. U dastlabki bosqichda yuqori darajadagi mahorat va matonat namoyon etib, jahon chempionatlarining ikki karra sovrindori, buyuk britaniyalik Rebekka Makginnni ishonchli tarzda mag‘lub etdi.
Keyingi, yarim final bosqichida esa janubiy koreyalik kuchli raqib Li Dabin ustidan g‘alaba qozonib, hal qiluvchi final jangiga yo‘l oldi.
Finalda esa u mezbon mamlakat vakili, sobiq jahon chempioni va Tokio-2020 Olimpiadasining bronza medali sohibi Alteya Laurin bilan kuch sinashdi. Garchi bellashuv nihoyatda murosasiz va hayajonli kechgan bo‘lsa-da, hamyurtimiz biroz ustunlikni boy berib, yakunda kumush medal bilan taqdirlandi.
Bu natija bilan Svetlana Osipova nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo sport tarixida o‘z nomini oltin harflar bilan yozib qo‘ydi.
Svetlana Osipovaning ushbu g‘alabasi o‘zbekistonlik ayol sportchilar uchun ulkan ilhom manbaiga aylandi. Uning matonati, fidoyiligi va yuksak sport mahorati O‘zbekiston sportining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Milliy universitetining ko‘p ming sonli jamoasi, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar Taekvondo va sport faoliyati fakultetining iqtidorli talabasi Svetlana Osipovani ushbu yorqin natija bilan samimiy tabriklaydi.
Universitet rahbariyati tomonidan yaratilgan ilmiy-nazariy baza, amaliy mashg‘ulotlar uchun sharoitlar va murabbiylarning fidokorona mehnati – sportchining bu darajaga erishishida asosiy omil bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy universiteti tarkibidagi Taekvondo va sport faoliyati fakulteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi PQ-3390-sonli qarori bilan tashkil etilgan. Mazkur fakultet qisqa vaqt ichida taekvondo bo‘yicha yuqori malakali sportchilarni tayyorlaydigan yirik ilmiy-amaliy markazga aylandi.
Bugungi kunda ushbu fakultet bitiruvchilari orasida Olimpiya, jahon va Osiyo chempionatlarining sovrindorlari ko‘plab yetishib chiqmoqda. Ulug‘bek Rashitov kabi ikki karra Olimpiya chempionlari, endilikda esa Svetlana Osipova kabi ayol sportchilar bu yuksak an’anani davom ettirmoqda.