Reproduktiv salomatlik – sog‘lom avlod kafolati

Reproduktiv salomatlik nafaqat er-xotin juftliklarni bepushtlik, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar, rak va boshqa nuqsonlardan asrash, balki sog‘lom farzand tug‘ilishiga zamin yaratishdir. U kelajak zurriyotning jismonan baquvvat, aqlan zukko va ijtimoiy barkamol avlod sifatida voyaga yetishiga bevosita ta’sir qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, reproduktiv salomatlikka salbiy ta’sir etuvchi bir qator omillar mavjud:

er-xotinlarda surunkali kasalliklar va ginekologik muammolarning mavjudligi;

tug‘ruqlar orasidagi 3–3,5 yillik intervalga amal qilinmasligi;

20 yoshga yetmay yoki 35 yoshdan keyin farzand ko‘rish;

qarindosh-urug‘ orasida quda-andachilik;

ijtimoiy nochor va kam ta’minlangan oilalar;

oiladagi notinch muhit;

4 va undan ortiq farzand ko‘rish hollari.

Ayol qancha ko‘p tug‘sa, tug‘ruqdagi asoratlar, kasallanish, nogironlik va hatto onalik o‘limi xavfi shuncha ortadi. Natijada ona kuchsizlanib, bolaning sog‘lom tarbiyasi va to‘laqonli parvarishiga imkon yetmaydi.

Shu bois davlatimiz rahbariyati tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan qator Prezident qarorlari va davlat dasturlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Mazkur hujjatlarda reproduktiv salomatlikni asrash, xavf omillarini kamaytirish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda keng jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.

Shuningdek, reproduktiv huquqlar masalasi ham alohida e’tiborda: har bir er-xotin bolalar soni, tug‘ilish oralig‘i, farzand ko‘rish vaqti hamda kontratseptsiya vositalaridan foydalanish bo‘yicha mustaqil va mas’uliyatli qaror qabul qilish huquqiga ega. Bundan tashqari, bolani ko‘krak suti bilan boqish, ona va bola salomatligini qo‘llab-quvvatlash borasida to‘liq ma’lumot va zarur vositalar bilan ta’minlanishi shart.

Reproduktiv salomatlikni mustahkamlash jamiyatning kelajagi uchun g‘oyatda muhimdir. Chunki sog‘lom ona – sog‘lom farzand, sog‘lom farzand esa – sog‘lom va barqaror kelajak demakdir.

 

Scroll to Top