O'zbekiston Milliy universitetida "Men donorman" qon topshirish xayriya aksiyasi
O’zbekiston Milliy universitetida «Men donorman» qon topshirish xayriya aksiyasi yiliga 4 marotaba o’tkaziladi. Universitetida 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Bor mehrimiz senga, Bolajon” shiori ostida xayriya donorlik aksiyasi tashkil etildi. Ushbu xayrli tadbir Toshkent shahar qon preparatlari ishlab chiqarish korxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi va u ko‘plab ishtirokchilarni bir maqsad – bolajonlarning hayotini asrab qolish yo‘lida birlashtirdi.
Donorlik aksiyasi universitet rektorati markazida bo‘lib o‘tdi va ertalab soat 9:00 dan 13:00 gacha davom etdi. Aksiya jarayonida qon topshirish uchun barcha zarur tibbiy sharoitlar yaratildi. Malakali shifokorlar tomonidan ko‘ngillilarning sog‘lig‘i sinchkovlik bilan tekshirildi va qon topshirish jarayoni xavfsiz hamda tartibli ravishda amalga oshirildi.
Mazkur xayrli tashabbus universitet rahbariyati, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar hamda ko‘plab talaba-yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Aksiyada faol qatnashgan ko‘ngillilar “Men donorman” shiori bilan bemor bolajonlarning sog‘lig‘i va hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shdilar. Ularning barchasi bu ishni insoniylik, mehr-muhabbat va ijtimoiy mas’uliyat namoyoni sifatida qabul qildilar.
Donorlik aksiyasi nafaqat qon topshirish, balki jamiyatda mehr-oqibat va insonparvarlik g‘oyalarini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday tadbirlar talaba-yoshlarni saxovatli bo‘lishga, jamiyat hayotiga foydali tashabbuslarda faol ishtirok etishga undaydi. Ayniqsa, sog‘lom hayotni targ‘ib etish, bemorlarning davolanishiga ko‘maklashish va ularning hayotini asrab qolish barchamizning insoniy burchimiz ekanini yodga soladi.
O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati va hamkor tashkilotlar kelgusida ham bunday donorlik aksiyalarini davom ettirish, ularni muntazam an’anaga aylantirish niyatida. Chunki bu kabi tadbirlar nafaqat jamiyat a’zolarining sog‘lig‘iga foyda keltiradi, balki mehr-oqibatli, saxovatli va mas’uliyatli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.