“Xavfsizliging qalqoniman, ona - vatanim” shiori ostida vatanparvarlik kuni tashkil etildi

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi hamda Milliy gvardiyaning Jizzax viloyatidagi boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi beshta oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhlari a’zolari va yetakchi koordinatorlari ishtirokida “Xavfsizliging qalqoniman, ona – vatanim” shiori ostida Vatanparvarlik kuni tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni Milliy gvardiya faoliyati, davlat xavfsizligi va fuqarolik mas’uliyatiga oid masalalar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Shu bilan birga, yoshlar orasida milliy g‘urur va jamiyatdagi ijtimoiy faollikni kuchaytirish bilan bir qatorda, tabiatni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari ham olib borildi.

Tadbir davomida “Qalqon” guruhlari a’zolari Milliy gvardiya vakillari bilan birgalikda xavfsizlik, favqulodda vaziyatlar va jamiyatni himoya qilish bo‘yicha interaktiv mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Ushbu mashg‘ulotlarda iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarga tayyor bo‘lish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar ham berildi.

Mazkur Vatanparvarlik kuni yoshlarni nafaqat milliy qadriyatlarga sodiqlik va Vatan himoyasiga fidoyilik ruhida tarbiyalashga, balki ularni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol, ongli va mas’uliyatli fuqarolar sifatida shakllanishiga ham xizmat qildi.

 Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarining nafaqat harbiy va jamoaviy, balki ekologik ong va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga chaqirildi hamda kelgusidagi faoliyatlari uchun ilhom oldilar.

Scroll to Top