Harbiy sohada innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llash hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Texnofest” ko‘rgazmasi tashkil etildi
Joriy yilning 12-may sanasida, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy sohada zamonaviy ilmiy-texnik innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ratsionalizatorlik ishlanmalari keng joriy qilish, shuningdek, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zekspomarkaz» AJ binosida Mudofaa sanoati sohasiga doir «Texnofest» ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xodimlari hozirgi tahlikali davrda har bir davlatning qudratli armiyaga ega bo‘lishi zarurligini, va davlat armiyasining kuch-qudrati nafaqat ko‘p sonli harbiylar, balki zamonaviy qurol-aslahalar hamda ilg‘or texnologiyalar bilan o‘lchanishini ta’kidladi.
Shuningdek, festivalda ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida hozirgi kunda qo‘llanib kelinayotgan zamonaviy texnologiyalar, avtomatlashtirilgan tizimlar, dronlar, robototexnika va boshqa ilg‘or texnologiyalar taqdim etildi. Ushbu texnologiyalar armiyaning jangovar samaradorligini oshirish, xavfsizlikni ta’minlash va mamlakatning mudofaa salohiyatini kuchaytirishda muhim rol o‘ynashi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, talabalar va yosh ixtirochilar tomonidan taqdim etilgan innovatsion g‘oyalar, amaliy ishlanmalar va yangi texnologiyalarni mudofaa sanoatiga tatbiq qilish masalalari ham keng muhokama qilindi. Ularning ishlanmalari harbiy texnologiyalarni yangilash va takomillashtirishda, shuningdek, ilg‘or ilmiy yutuqlar orqali mudofaa sohasining samaradorligini oshirishda katta imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Quvonarlisi, mazkur tadbirda O‘zbekiston Milliy Universitetining Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar hamda Fizika fakulteti talabalari o‘zlarining loyiha va ishlanmalari bilan faol ishtirok etishdi. Ularning innovatsion yondashuvlari va ilmiy yutuqlari ko‘rgazma ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash va mudofaa sanoatidagi ilg‘or ishlanmalarni joriy qilishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.