O’zbekiston Milliy universiteti talabalari o’rtasida “Talaba Fest” innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 10-may sanasida O‘zbekiston Milliy universitetida Kimyo, Fizika hamda Amaliy matematika fakultetlari ishtirokida talabalar o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohalaridagi innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarga qiziqishni oshirish maqsadida “Talaba fest” innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirda universitetning magistratura va bakalavriat yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar o‘zlarining ilmiy va ijodiy yutuqlarini namoyish etdilar. Shuningdek, ko‘rgazmada ishtirok etgan talabalar o‘z sohalaridagi eng yangi innovatsion loyihalarini, tadqiqot ishlanmalari va ilmiy izlanishlarining natijalarini taqdim etishdi. Ushbu ishlanmalar, asosan, ekologiya, energiya tejamkorligi, materialshunoslik va axborot texnologiyalari kabi zamonaviy ilmiy muammolarni hal qilishga qaratilgan edi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan taqdim etilgan g‘oyalar nafaqat ilmiy sohada, balki sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarida ham qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan amaliy innovatsiyalarni o‘z ichiga oldi. Tadbirda ishtirok etgan universitet professor-o‘qituvchilari talabalar ilmiy izlanishlariga yuqori baho berishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, yoshlarni ilm-fan sohasiga yanada kengroq jalb etishga undash, hamda universitetning ilmiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘ldi. Shuningdek, «Talaba fest» ko‘rgazmasi talabalar va ilmiy jamoalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy yutuqlarni keng ommaga tanitish hamda innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi.