Talabalar ligasi sport musobaqalari o’tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida har yili “Talabalar Ligasi” doirasida sportning futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Ushbu musobaqalar yil sayin talabalar va yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otib, universitet hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Joriy yilgi musobaqalarda jami 15 mingga yaqin talaba va yoshlar ishtirok etishdi. Musobaqalar bosqichma-bosqich, dastlab fakultetlar, so‘ngra universitet miqyosida o‘tkazildi. Final bosqichiga yetib kelgan eng yaxshi jamoalar “Rektor kubogi”ni qo‘lga kiritish uchun kuch sinashishdi. Quvonarlisi, bellashuvlarda nafaqat o‘g‘il bolalar, balki qizlar ham faol ishtirok etib etishdi.

Musobaqalarda 16 ta fakultet talabalari hamda Olmazor tumanining universitetga biriktirilgan 4 ta mahallasidan tarkib topgan jamoalar munosib ishtirok etishdi. 16-fevral kuni “Talabalar Ligasi”ning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘olib jamoalarga qimmatbaho sovg‘alar hamda pul mukofoti tantanali ravishda universitet ma’muriyati tomonidan topshirildi. Umumjamoa hisobida quyidagi jamoalar kuchli uchlikdan joy oldi:

1-o‘rin – Tarix fakulteti

2-o‘rin – Biologiya fakulteti

3-o‘rin – Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti

Mazkur tadbirlar nafaqat yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga, balki qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning o‘z salohiyatlarini namoyon etishi va xalqaro miqyosda yuksak marralarga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Mazkur sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston Milliy universitetining qator iqtidorli sportchilari yetishib chiqdi. Ularning ba’zilari:

  • Shahrizoda Amirqulova – milliy kurash bo‘yicha Jahon chempioni;
  • Umida Omonova – shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlarida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni;
  • Shoxsanam Azamova, Mannapova Madina, Svetlana Osipova – Taekvondo sport turi bo‘yicha xalqaro va Olimpiya musobaqalarining ko‘p karra sovrindorlari.

Ushbu sportchilar o‘z yutuqlari bilan nafaqat universitet, balki mamlakat sharafini ham xalqaro maydonlarda munosib himoya qilib kelmoqda. Bunday muvaffaqiyatlar yosh avlodni sportga jalb qilishda o‘ziga xos ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top