Kimyo fakulteti talabasi «Uzbekistan GTL» beshinchi stipendiya tanlovi g’olibi boʻldi

“O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun tashkil etilgan beshinchi “GTL stipendiyalar dasturi” tanlovining natijalari e’lon qilindi.

O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakulteti magistranti Asilbek Alimov tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalar ko‘rsatdi va «Uzbekistan GTL» stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Ushbu stipendiya uning ilmiy faoliyati va akademik yutuqlarini rag‘batlantiruvchi muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur stipendiya dasturi ilk bor 2019−2020 o‘quv yilida ta’sis etilgan. Hozirga qadar dasturda jami 5714 nafar talaba ishtirok etib, ularning orasidan 70 ga yaqin g‘olib va faol ishtirokchilar aniqlangan. Bu dastur, nafaqat talabalarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlaydi, balki ularning kelajakda kimyo va neft-kimyo sanoatida yetakchi mutaxassis bo‘lib yetishishlariga turtki beradi.

Asilbek Alimovning ushbu yutuqqa erishishi uning so‘nggi yillarda olib borgan ilmiy izlanishlari va akademik intilishlari natijasi hisoblanadi. Dastur doirasida g‘oliblarga nafaqat stipendiyalar, balki “Uzbekistan GTL” kompaniyasi bazasida malaka oshirish va amaliyot o‘tash imkoniyati ham taqdim etiladi.

Kelajakda bu kabi dasturlar O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari orasida yanada ko‘proq ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish va yuqori darajadagi mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Scroll to Top