“Iqlim o‘zgarishi va uning atrof muhitga ta’siri: muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya

O‘zbekiston Milliy Universiteti iqlim o‘zgarishi, uning atrof-muhitga bo‘lgan ta’siri va global darajadagi muammolarning yechimini muhokama qilish uchun xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etdi. Ushbu tadbir nafaqat milliy, balki xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirdi. Unda Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Hindiston, Tojikiston kabi davlatlardan 10 ga yaqin xorijlik olimlar bevosita va onlayn ishtirok etishdi.

Konferensiyaning ahamiyatli jihati shundaki, unda BMT Bosh kotibining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bosh maslahatchisi, “Global energiya” mukofoti xalqaro qo‘mitasi raisi va Moskva davlat universitetining faxriy doktori Raye Kvon Chung o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Raye Kvon Chung – iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi xalqaro miqyosda tan olingan mutaxassis. U 2007-yilda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi a’zosi sifatida “Antropogen iqlim o‘zgarishi haqidagi bilimlarni to‘plash va tarqatish, shuningdek, bunday o‘zgarishlarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ishlab chiqish”dagi hissasi uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning ushbu konferensiyadagi ishtiroki anjuman mavzusining dolzarbligini va global miqyosdagi ahamiyatini yanada oshirdi.

Anjuman davomida iqlim o‘zgarishining oqibatlari, global haroratning oshishi, muzliklarning erishi, vaqti-vaqti bilan ro‘y beradigan meteorologik halokatlar kabi muammolar muhokama qilindi. Xorijlik va mahalliy olimlar ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishning ahamiyati haqida fikr almashdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Milliy Universitetining iqlim o‘zgarishi masalalariga oid dolzarb masalalarga alohida e’tibor berayotganini va bu borada global ilmiy hamjamiyat bilan hamkorlik qilishga intilayotganini yana bir bor namoyish etdi.

Scroll to Top