2024-yil 18-21-noyabr kunlari Toshkent shaharlarida “Yevropa Ittifoqi – Oʻzbekiston: Barqaror energetika Kunlari” nomli ikkinchi kampaniyasi boʻlib oʻtdi. Har yili Yevropa Ittifoqi tomonidan tashkil etiladigan kampaniya siyosatchilar, ekspertlar, akademik doiralar, biznes va jamoatchilikni, jumladan, yoshlar va bolalarni barqaror energetikaga oʻtish boʻyicha muloqotga jalb etishga yordam beradi.
21-noyabr kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Markaziy Osiyoda barqaror energetika aloqalari (SECCA)” loyihasi tomonidan mamlakatimizdagi taʼlim va ilmiy muassasalar uchun “Yevropa Gorizonti” dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo tadqiqot hamkorligini ochish” nomli seminar oʻtkazildi. Seminarda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi “Yevropa Gorizonti” dasturi tomonidan moliyalashtirish imkoniyatlari, loyiha va tashabbuslar taqdim etildi va bu tadqiqot sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qanday yordam berishi mumkinligini namoyish etdi.
Kampaniya davomida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bu jarayon milliy va xalqaro darajada hamkorlikni kuchaytirish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan.
Kampaniya doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti talabalari va o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Ular barqaror energetika mavzusidagi maʼruzalarda qatnashib, “yashil” energetik konsepsiyasi bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar va dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bunday hamkorlik energetika, ilm-fan va taʼlim sohalarida innovatsiyalarni jadallashtirishga xizmat qiladi va barqaror rivojlanish yo‘lida yangi imkoniyatlar ochadi.