O‘zMUda ilk bor “NUU Public Talks” loyihasi o‘z faoliyatini boshladi

2024-yil 31-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “NUU Public Talks” loyihasining ilk sessiyasi o‘tkazildi. Bu yangi tashabbus orqali universitet o‘z talabalari, professor-o‘qituvchilari va jamoatchilikni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog‘liq muhim masalalarni muhokama qilishga birlashtirishni maqsad qilgan.

Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu haftalik tadbir turkumi mahalliy va global muammolarni yoritish va dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun ochiq platforma yaratadi.

Ilk sessiyada «O‘zbekiston Respublikasining Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish uchun mo‘ljallangan qonun va tashabbuslar» mavzusida ma’ruza bilan O’zMU yurisprudensiya: Biznes huquqi yo‘nalishi 3-kurs talabasi Turonov Diyorbek chiqish qildi.

Tadbir xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinovaning ochilish nutqi bilan boshlandi. U barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishdagi yoshlarning ahamiyatini ta’kidladi:

“Har bir yosh bunday muhokamalarda faol ishtirok etib, sezilarli o‘zgarishlar qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.”

“NUU Public Talks loyihasi orqali biz talabalarning mahalliy va global masalalarga, ayniqsa barqaror rivojlanishga oid muammolarni tanqidiy tahlil qilish va yondashuvlarini rag‘batlantirishni maqsad qilganmiz. Ishonamanki, ushbu muammolarni yechimini topish uchun harakat shu yerda – yosh avlod orasida boshlanadi.”

Diyorbek barqaror rivojlanishga hissa qo‘shuvchi asosiy qonunchilik tashabbuslari haqida so‘z yuritdi. U «Barqaror rivojlanish strategiyasi», «Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun», «Kichik biznesni rivojlantirish to‘g‘risidagi qonun» va «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun»ning O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va ekologik barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.

“Talabalar va yosh mutaxassislar sifatida biz doimo xabardor bo‘lib, atrof-muhit va jamiyatni himoya qiluvchi siyosatlarni shakllantirishda faol ishtirok etishimiz kerak,” – Diyorbek.

Iste'molchilar sifatida barchamizning mas'uliyatimizni ta’kidlab, "Barqaror va oqilona iste'mol" tamoyillari bir-biri bilan chambarchas bog'liqligi hamda resurslardan oqilona foydalanish va isrofgarchilikni kamaytirish zarurligini, bu borada ta’limning ahamiyatini alohida qayd etib o'tdi.

Har haftada o‘tkaziladigan NUU Public Talks loyihasida SDGlarga oid keng mavzularda talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘z mulohazalari va tadqiqotlarini ochiq muhokama qilishlari uchun platforma taqdim etiladi.

Barchaga ushbu tadbirlarda qatnashish, fikr bildirish va o‘z nuqtai nazarini taqdim etish imkoniyati beriladi.

Scroll to Top