O‘zbekiston Milliy universitetining yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi mas’ullari, dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar, iqtidorli talabalar tashabbusi bilan Toshkent shahri Olmazor tumanidagi universitetga biriktirilgan mahallalarda turli tadbirlar, uchrashuv, seminar-treninglar tashkil etilmoqda, mahalla yoshlarining iqtidorini yuzaga chiqarish uchun imkoniyat yaratilmoqda. Jumladan, Biologiya fakulteti tomonidan Olmazor tumani “Xislat” mahallasida buyuk shoir va davlat arboblari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ijtimoiy fanlar hamda Geologiya va muhandislik geologiyasi fakultetlari tomonidan Olmazor tumanidagi “Ibrohim ota” mahallasiga borilib, mas’ullar bilan kelgusidagi loyiha-tadbirlar yuzasidan kengashib olishdi. Tarix fakulteti jamoasi tashabbusi bilan Olmazor tumanidagi “Xislat” mahallasida yashovchi yoshlar uchun poytaxtimizda joylashgan “Gʻalaba bog‘i”ga sayohat uyushtirildi. Tarixchi talabalar mahalla yoshlariga shonli tariximiz haqida ma’lumot ulashdi. Taekvondo va sport faoliyati fakulteti tomonidan Olmazor tumanidagi “Quyosh” MFYda joylashgan 46-sonli umumta’lim maktabda “Jismoniy tarbiya va sportning hayotimizda tutgan o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Mahalla yoshlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, Kimyo, Xorijiy filologiya fakultetlari “Ibrohim ota” MFYda mahalla va universitet hamkorligida «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshiriladigan maqsadli faoliyat dasturlarini ishlab chiqish yuzasidan suhbat olib borildi. Matematika fakulteti esa “Mustaqil yurt” mahallasida bo‘ldi. Ushbu hududdagi 134-maktabda o‘quvchilar uchun fakultet iqtidorli talabalari tomonidan seminar-treninglar tashkil etildi. |