Zo‘ravonlikka qarshi psixologik seminar

Bugungi kunda jamiyatimizda uchrab turgan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularni barvaqt aniqlash hamda samarali profilaktika choralarini kuchaytirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda universitetda tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish mavzusida psixologik seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbir universitetning yurisprudensiya va psixologiya yo‘nalishidagi mutaxassislari hamda ichki ishlar bo‘limining psixolog-inspektorlari hamkorligida o‘tkazildi. Seminar davomida ishtirokchilarga tazyiq va zo‘ravonlikning ijtimoiy-psixologik sabablari, uning shaxs ruhiyatiga ta’siri, oilaviy va ijtimoiy muhitdagi salbiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Seminar davomida talaba-yoshlarga quyidagi muhim aloqa vositalari tavsiya etildi:

📞 “1146”

– Ishonch telefoni

🏢 “Inson” markazlari

📞 “102”

– Ichki ishlar organlarining tezkor raqami

Mutaxassislar zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlari — jismoniy, ruhiy, va kiberzo‘ravonlik kabi shakllari haqida tushuntirish berib, ularni erta aniqlash va oldini olish mexanizmlariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, jabrlanuvchilarga psixologik yordam ko‘rsatish, va murojaat qilish tartibi yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar ochiq muloqot va savol-javoblar tarzida o‘tkazilib, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan aniq javob oldilar. Tadbir yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda xavfsiz muhit yaratishga xizmat qildi.

Scroll to Top