Bugun O‘zbekiston Milliy universitetiga Belgiya qirolligining Mons universitetidan 3 nafar xorijlik talaba Xorijiy filologiya fakultetining Rus adabiyotshunosligi kafedrasiga akademik mobillik dasturi doirasida bahorgi semestrni o‘qish uchun Brusseldan yetib kelishdi.
Talabalar Toshkent Xalqaro aeroportida iliq kutib olinib o‘zlari uchun ajratilgan yotoqxonalarga joylashtirildi. Shundan so‘ng talabalar bilan Xalqaro aloqalar bo‘limida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimlari, Rus adabiyotshunosligi kafedrasi professor-o‘qituvchilari va boshqa mas’ul xodimlar talabalarga o‘quv jarayonlari hamda ularga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berishdi va talabalarning o‘quv rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishlari uchun kerakli sharoitlar yaratish xususida kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Belgiya qirolligining Mons universiteti QS xalqaro reytingida dunyo universitetlari orasida 701-750 o‘rinda turadi va O‘zMU bilan nafaqat akademik mobillik dasturi doirasida balki boshqa turli xil sohalarda ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib keladi. Xususan, ushbu universitetning bir nafar tadqiqotchisi 2022-yilda O’zMU xalqaro aloqalar bo’limida stajirovka o’tagan.
O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarini ham shu yilda Mons universitetiga akademik mobillik dasturi doirasida o‘qishga jo‘natish rejaga kiritilgan.