Psixologiya sohasida ilmiy va amaliy faoliyatni rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda aholiga sifatli psixologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Psixologiya ilmiy-amaliy jamiyati tashkil etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jamiyat tarkibiga respublikadagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining psixolog olimlari va mutaxassislari kiradi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, Moskva davlat universiteti (MGU) filiali psixologiya yo‘nalishi professor-o‘qituvchilari, Profi universiteti mutaxassislari hamda boshqa tajribali psixologlar ushbu jamiyat a’zolari hisoblanadi.
Ushbu jamiyat faoliyati yuzasidan Psixologiya kafedrasi dotsentlari Agzamova Elena Yuryevna va Odilova Naira Gulyamovna bilan suhbat tashkil etildi.
Psixologiya kafedrasi dotsenti
Jamiyat faoliyatining muhim jihatlaridan biri shundaki, unda talaba-yoshlarning ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa kelajakdagi yosh mutaxassislarning ilmiy izlanishlarga jalb qilinishi, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda psixologiya sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Intervyu davomida mutaxassislar jamiyatning asosiy maqsad va vazifalari haqida ham to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, jamiyatning asosiy maqsadi — psixologiya sohasida kasbiy faollikni oshirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek aholiga professional psixologik yordam ko‘rsatishni rivojlantirishdan iborat.
Psixologiya kafedrasi dotsenti
Shuningdek, jamiyat doirasida mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqotlarni o‘rganish, psixologiya sohasidagi ilg‘or tajribalarni almashish, ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar tashkil etish, hamkorlikda turli amaliy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday ilmiy-amaliy hamkorlik platformasi psixologiya fanining rivojlanishiga, mutaxassislar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarning kengayishiga hamda jamiyatda psixologik xizmatlar sifatini oshirishga katta hissa qo‘shadi.