“Talabalar bilan ‘Giyohvandlik — umr zavoli’ mavzusida davra suhbati”

Aholi salomatligini himoya qilish — ustuvor vazifa

«Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik hamda narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–207-sonli Prezident Farmonining 31.3-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida profilaktik tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish hamda talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratildi.

Tadbir doirasida filialga biriktirilgan profilaktika inspektori B. Rajabov tomonidan Amaliy matematika fakultetida tahsil olayotgan talabalar uchun «Giyohvandlik — umr zavoli» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat davomida talabalarga giyohvandlikning inson hayoti va sog‘lig‘i uchun naqadar xavfli ekanligi, uning nafaqat shaxsiy hayotga, balki jamiyat taraqqiyotiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Profilaktika inspektori o‘z nutqida giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish inson organizmiga katta zarar yetkazishi, ruhiy va jismoniy salomatlikni izdan chiqarishi, ko‘plab og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarning huquqiy oqibatlari, ya’ni bunday jinoyatlar uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralariga ham batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Davra suhbati jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi hamda mutaxassis tomonidan ularga aniq va tushunarli javoblar berildi. Yoshlarni giyohvandlik kabi zararli illatlardan asrash, ularni turli yot g‘oya va tahdidlardan himoya qilishda oila, ta’lim muassasalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi muhim ekani qayd etildi.

Mazkur tadbir talabalarda sog‘lom turmush tarziga intilish, giyohvandlik va narkojinoyatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, yoshlarni jamiyatga foydali, ma’naviy yetuk shaxslar etib tarbiyalashga xizmat qildi. Shunday profilaktik uchrashuvlar yoshlar ongini turli zararli illatlardan himoya qilish va ularning kelajagini yanada porloq qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Scroll to Top