“Huquqiy zakovat” – Konstitutsiya ruhini yuksaltirgan bilimlar bellashuvi
O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlab talabalarning huquqiy bilimini mustahkamlash, ularning fikrlash doirasini kengaytirish hamda Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rnini chuqur anglatish maqsadida “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Tadbir “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida o‘tkazilgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi.
Mazkur musobaqada universitetning turli fakultetlaridan shakllangan 64 ta jamoa ishtirok etib, ular o‘z bilim va salohiyatlarini namoyish etishdi. Bellashuv teng va qizg‘in ruhda o‘tdi, savollarga tezkor javob berish, mantiqiy fikrlash va huquqiy bilimlarni amalda qo‘llay olish ishtirokchilardan katta tayyorgarlikni talab qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan jamoalar quyidagicha e’tirof etildi:
1-o‘rin – “Siyosatshunoslar” jamoasi (“Siyosatshunoslik” yo‘nalishi, 2-kurs)
2-o‘rin – “Google” jamoasi (“Yurisprudensiya” yo‘nalishi, 2-kurs)
3-o‘rin – “Nirvana” jamoasi (“Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishi, 2-kurs)
Tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi, balki Konstitutsiyaning inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor anglab yetishdi. Bu kabi intellektual loyihalar yoshlar orasida huquqiy madaniyatni rivojlantirish, ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishga undashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bellashuv yakunida g‘olib jamoalar munosib taqdirlandi. Tadbir ishtirokchilariga esda qolarli taassurotlar, kuchli motivatsiya va yangi bilimlar ulashdi. Shu kabi tashabbuslarning davom ettirilishi talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim qadamlardan biridir.