O‘ZMU VA MAKTAB INTEGRATSIYASI: YOSHLAR BILAN BIRGA YASHIL KELAJAK SARI
Universitetda ekologik barqarorlik, energiya samaradorligi va “Yashil universitet” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rektori, professor Inom Madjidov so‘zga chiqib, bu borada erishilgan natijalar yuzasidan maruza qildi.
Rektor o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston Milliy universitetida energiya tejamkor infratuzilmani yaratish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va atmosferaga chiqindilarni kamaytirish yo‘nalishida muhim ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda universitetdagi barcha fakultet binolari va laboratoriyalar quyosh panellari bilan to‘liq ta’minlangan. Shu orqali o‘quv jarayonlarini energiya uzilishlarisiz olib borish imkoniyati yaratilgan va umumiy elektr energiyasi sarfi 30 foizga kamaygan. Bu esa nafaqat iqtisodiy tejamkorlik, balki ekologik foyda nuqtayi nazaridan ham katta yutuq hisoblanadi.
Shuningdek, O‘ZMU kampusida energiyani tejovchi yoritish tizimlari o‘rnatilib, binolarda issiqlikni saqlovchi materiallar qo‘llanilmoqda. Rektor Inom Madjidov bu kabi chora-tadbirlar universitetni “Yashil kampus” darajasiga olib chiqish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam ekanini alohida ta’kidladi.
Maruza davomida rektor, shuningdek, qayta tiklanadigan energiya sohasida talabalarning ishtirokini kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ekologik madaniyatni oshirish borasidagi tashabbuslarni e’tirof etdi. Ayniqsa, Energetika fakulteti va Fizika fakulteti talabalari tomonidan ishlab chiqilgan mini-quyosh stansiyasi loyihasi O‘ZMU kampusida amaliyotga tatbiq etilgani qayd etildi.
Tadbir yakunida rektor maktab va mahalla bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirish, energiyani tejash madaniyatini shakllantirish va yashil texnologiyalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha rejalashtirilgan dasturlarni e’lon qildi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Milliy universiteti bugun o‘z amaliy ishlari, ilmiy loyihalari va tashabbuslari orqali respublikada barqaror rivojlanish va qayta tiklanadigan energiya sohasida ilg‘or tajriba markaziga aylanib bormoqda.