"Xavfsiz va sog’lom yurt" oyligi doirasida targ'ibot uchrashuvi bo’lib o’tdi
O‘zbekiston Milliy universitetining Fizika fakultetida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida muhim profilaktik uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Olmazor tumani faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari, fakultet rahbariyati, tyutorlar hamda 140 nafar talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarni giyohvandlik va psixotrop moddalarining zararli oqibatlari, ularning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlar, shuningdek, firibgarlik, tovlamachilik va zo‘ravonlik kabi illatlarning oldini olishga chaqirishdan iborat bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan mavzuga oid batafsil tushuntirishlar berilib, bunday illatlar shaxs hayoti va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zararli oqibatlari misollar bilan izohlandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularda qonuniylik va tartib-intizomni mustahkamlash, mas’uliyatni oshirish masalalari yuzasidan keng fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur targ‘ibot tadbiri yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, ularni hushyorlik va ogohlikka undash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qildi. Uchrashuv talabalar qalbida chuqur taassurot qoldirib, ularni nafaqat o‘z shaxsiy hayotida, balki atrofdagilarga ham namuna bo‘lishga undadi.