O‘zbekiston Milliy universitetida xotin-qizlar salomatligiga oid mashg‘ulotlar

O‘zbekiston Milliy universitetida talaba-qizlar va ayol xodimlar salomatligini mustahkamlash, ularni sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik va fiziologik jarayonlar haqida xabardor qilishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Shu maqsadda Biologiya fakultetida akademik Bakriddin Zaripov tashabbusi bilan faoliyat yuritayotgan “Yangi O‘zbekiston yosh fiziologlari” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur tadbirda Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi dotsenti, akusher-ginekolog Mavjuda Yaxyayeva “Sog‘lom avlod tarbiyasi: qizlarda menstruatsiya gigiyenasi, jinsiy kasalliklar, homila rivojlanishi, sut bezi va klimaks fiziologiyasi” mavzusida amaliy mashg‘ulot olib bordi.

Mashg‘ulot davomida talaba-qizlar, magistrantlar, doktorantlar, ayol rahbar-xodimlar va professor-o‘qituvchilarga reproduktiv salomatlikni asrash, ayollar sog‘lig‘ida uchraydigan muhim davrlar va ularni to‘g‘ri boshqarish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi. Ayniqsa, menstruatsiya davrida gigiyena qoidalariga amal qilish, jinsiy kasalliklarning oldini olish va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari alohida yoritib o‘tildi.

Bunday mashg‘ulotlar universitet miqyosida muntazam yo‘lga qo‘yilib, yoshlar orasida tibbiy madaniyatni oshirish, qizlarning o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarashiga ko‘maklashadi. Bu esa nafaqat ularning shaxsiy hayotida, balki kelajak avlod tarbiyasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati tomonidan xotin-qizlar salomatligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar mamlakatimizda sog‘lom, bilimli va yetuk yoshlarni tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Scroll to Top