Joriy yilning 5-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetida turizmni rivojlantirish doirasida universitetga biriktirilgan Jizzax viloyatining Arnasoy, Forish, Zomin tumanlari hamda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi maktablar o‘qituvchilari ishtirokida onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilish turizm sohasining rivojlanishi va uning ta’limga ta’siri, shuningdek, ushbu hududlarda iqtidorli o‘quvchilarni ilmiy va ijtimoiy faoliyatga jalb etish, ularning bilimlarini oshirish va rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Yig‘ilishda universitetning soha prorektorlari, fakultet masullari, professor-o‘qituvchilar hamda universitetga biriktirilgan turizm hududlaridagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mutasaddilari, Arnasoy tumani 8-maktab, Forish tumani 59-maktab, Zomin tumani 60-maktab, Xovos tumani 30-ixtisoslashirilgan maktablarining jamoalari ishtirok etib, maktablarda o‘qitish jarayonini takomillashtirish va o‘quvchilarning ilmiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qilindi.
Shuningdek tadbir davomida bu hududlardagi iqtidorli o‘quvchilarni saralash, ularni matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, geografiya, o‘zbek tili hamda rus tili fanlaridan fan olimpiadalariga maqsadli tayyorlash bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi. Bundan tashqari, bu o‘quvchilarning har bir fanni chuqur o‘zlashtirishlari uchun guruhlar shakllantirish, qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari va treninglar tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda, mazkur maktablarda o‘qish jarayonini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilar uchun zamonaviy pedagogik usullarni joriy etish maqsadida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda imzolangan kelishuvga ko‘ra, tasdiqlangan reja-jadval asosida universitet professor-o‘qituvchilari va mutaxassislaridan iborat guruhlar tegishli fanlar bo‘yicha bevosita joylarga borib, chekka hududlardagi maktablarda mashg‘ulotlar olib borishi belgilandi. Ushbu tashrif davomida nafaqat o‘quvchilarga ilmiy sohalarda yanada chuqur bilimlar berish, olimpiadalar uchun tayyorlash balki fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni malakasini oshirish maqsadida treninglar o‘tkazilishi kelishib olindi.