Joriy yilning 25-yanvar kuni O‘zbekiston Milliy Universiteti (O‘zMU) Ijtimoiy fanlar fakulteti “Huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jamshid Yusubov universitet yotoqxonasida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu tadbir kafedra kuni doirasida tashkil etilib, ta’limda tenglikni ta’minlash, bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish va talabalarning ehtiyojlariga e’tibor qaratishga xizmat qildi.
Tadbir davomida 4 va 5-talabalar turar joyida yashovchi talabalar, xususan imkoniyati cheklangan va chin yetim talabalarning yashash sharoitlari o‘rganildi. Ularning ehtiyojlari va duch kelayotgan qiyinchiliklari atroflicha tahlil qilinib, ta’lim olishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur tavsiyalar universitet ma’muriyatiga taqdim etilib, ularni amalga oshirish uchun amaliy qadamlar rejalashtirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida yuqori o‘quv ko‘rsatkichlariga ega, ilmiy izlanish olib borishga intilayotgan va ijtimoiy faol talabalarga maxsus sovg‘alar topshirildi. Xususan, ta’lim jarayonida muhim yordamchi bo‘lib xizmat qiladigan «Lug‘at» (Oliy ta’lim muassasalarida foydalaniladigan sohaga doir asosiy tushuncha va atamalar izohi) kitobi sovg‘a qilindi. Ushbu sovg‘a talabalarning ilmiy izlanishlari va ta’lim jarayonidagi muvaffaqiyatlarini yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan.
Jamshid Yusubovning ushbu tashabbusi universitetda hech bir talabaning e’tibordan chetda qolmasligi tamoyiliga asoslanganligi bilan ahamiyatlidir. Bu kabi amaliy tashabbuslar nafaqat talabalarning intellektual rivojlanishiga, balki ta’limda tenglik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladigan muhim qadamlardan biridir.
Mazkur uchrashuv O‘zMUda sifatli ta’limga yo‘naltirilgan innovatsion va insonparvar yondashuvning yorqin namunasi bo‘lib, talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, har biriga ta’lim olish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni mustahkamlaydi.