Joriy yilning 3-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib o‘tgan «Karyera kuni» mehnat yarmarkasida Xorijiy filologiya fakulteti «Fakultetlararo ingliz tili» kafedrasi, Xotin-qizlar kengashi hamda universitet talabalari tomonidan «Mehrli qo‘llar» nomli katta xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Talabalarni halol mehnatga, ezgulikka, yaxshilikka, ojiz va nogironlarga, yetimlarga nisbatan saxovatli bo‘lishga chorlash, ularning qalbida vatanparvarlik hislarini chuqurroq singdirish tadbirning asosiy maqsadini tashkil etdi.
Tadbirda universitet talabalari o‘zlarining qo‘l mehnatlari va ijod mahsulotlari bilan ishtirok etdilar. Xayriya tadbirida yig‘ilgan ehson 4-may kuni 1-son «Muruvvat» internat uyi bolalariga yetkazildi.